uz

"O'Zagrosug'urta": Yangi Mehnat Kodeksi Xalqchildir

image

"O'zagrosug'urta": Yangi Mehnat kodeksi xalqchildir

        “O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Qonun hamda Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 14-oktabrdagi “Davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan odob-axloq qoidalariga rioya etilishini taʼminlash boʼyicha qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisida”gi qarori mazmun-mohiyati bilan "O'zagrosug'urta" AJ tizimdagi xodimlar tanishtirildi.

O’zbekiston Respublikasi davlat bayrog’i qabul qilinganing 31 yilligi to‘lishi arafasida tashkil etilgan seminarda, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining vakili tomonidan yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi, xususan yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlar va ular bilan bevosita bog‘liq ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solishning asosiy prinsiplari, Qonunni qabul qilish zarurati, undagi asosiy o‘zgarishlar va mehnat qonunchiligiga kiritilayotgan yangiliklar haqida batafsil ma'lumot berildi.

Taʼkidlanganidek, amaldagi Mehnat kodeksi 1995-yilda qabul qilingan bo‘lib, o‘sha davrda iqtisodiyotdagi xususiy sektor ulushi atigi 21 foizni tashkil etgan, bugungi kunda esa 83 foizdan oshgan. Ya’ni, ish beruvchilarning ko‘p qismi xususiy sektorga to‘g‘ri kelmoqda. Bu esa o‘z navbatida, yangi mehnat instrumentlari hamda mehnat munosabatlari shakllarining kengayib borayotganidan dalolat beradi.

Shu bilan birga, yangi tahrirda mehnat shartnomasini tuzish bilan bogʻliq ayrim munosabatlar takomillashtirilmoqda. Xususan, ishga qabul qilishga yoʻl qoʻyiladigan yoshga aniqlik kiritilib, dastlabki sinov belgilanmaydigan shaxs toifalari kengaytirilyapti. Mamlakatda yoki mintaqada favqulodda holat yoki karantin choralari eʼlon qilinganda xodimning roziligisiz mehnat shartnomasiga oʻzgartirish kiritish shartlari, jumladan, moslashuvchan qulay rejimga oʻtish, toʻliqsiz ish vaqti, masofadan turib ishlash kabi dolzarb masalalar aniq belgilab berilgan.

Seminarda so‘zga chiqqanlar yangi Mehnat kodeksida bozor iqtisodiyoti talablari hamda xodimlar va ish beruvchilar manfaatlarining muvozanatini taʼminlash, fuqarolarni mehnat faoliyatiga jalb qilishning yangi turli shakllarining faol rivojlanib borishi hisobga olingan. Ish beruvchilarga, xususan, qo‘shimcha ishchilarni ishga jalb qilishning sodda va moslashuvchan shakllarini tanlashga imkon beruvchi moslashuvchan ish rejimlarini keng qo‘llash uchun huquqiy asoslar yaratilganligi alohida ko'rsatib o'tilgan. 

Davlatimiz rahbari tomonidan joriy yilning 28-oktabr kuni imzolangan «O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida»gi Qonuniga ko‘ra, Mehnat kodeksi avval 2-qism, 16-bob, 294-moddadan iborat bo'lgan bo'lsa, yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi 2-qism, 7-bo'lim, 34-bob, 621-moddani tashkil qilmoqda.

Interaktiv tarzda o'tgan seminarda qatnashchilar tomonidan berilgan savollarga mutaxassis batafail tushuntirish berildi.

Shu bilan birga, “O‘zagrosug‘urta” AJ jamoasi Toshkent shahridagi “Xalqlar do‘stligi” maydonida tashkil etilgan bayram tantanalarida ham qatnashdi. Davlatimiz bayrogʼi bizning ulkan Vatanimizning qiyin taqdiri, shonli o'tmishini ifodalaydi.

 

       Buyuk o‘tmish, shonli tarixga ega xalqimizning davlat barpo etish g‘oyasi, umuminsoniy qadriyatlapga sodiqligi, eng avvalo, o‘zining davlat ramzlarida aks etgan. Shu bois, bayrog‘imizga nazar solar ekanmiz, bayrog‘imiz baland-balandlarda hilpiraganda yoki madhiyamiz yangraganda biz ruhiy quvvatni, qalbimizda g‘urur va buyuk istiqbolga bo‘lgan ishonch tuyg‘usini his etamiz.         

Tadbir davomida ishtirokchilarga hozirgi tinch va osoyishta davrda davlatimiz bayrog‘i mustaqillik va milliylikni o‘zida aks ettirib, Vatanimiz hududlarida viqor bilan hilpirab turishi har birimizga quvonch va faxr baxshida etishi yana bir bor ta’kidlandi. 

 

 Axborot xizmati