uz

Agrar Soha Sug‘Urtasini Rivojlantirishdagi Muammolar Va Istiqboldagi Vazifalar Muhokama Qilindi

image

Agrar soha sug‘urtasini rivojlantirishdagi muammolar va istiqboldagi vazifalar muhokama qilindi

“O‘zagrosug‘urta” AJ tomonidan “O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi sug‘urtasini rivojlantirishdagi muammolar va istiqbolda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

Qayd etish joiz, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda zarur agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish, agrar sektorda qishloq xo‘jaligi texnikasiga bo‘lgan talabni qondirish, qishloq xo‘jaligi korxonalarini ma’nan va jismonan eskirgan texnikalar o‘rniga zamonaviy va resurstejamkor texnikalar bilan ta’minlashni rag‘batlantirish tizimini takomillashtirish maqsadida 2023-yil 29-martda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Agrar sektorni zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalari bilan ta’minlashni rag‘batlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-103-son qarori qabul qilingan. 

Ushbu qarorda banklar tomonidan lizing tashkilotlariga kredit ajratilishida garov ta’minoti sifatida sug‘urta polisi qabul qilinishi mumkinligi belgilangan.

Mazkur qaror mazmun-mohiyatini yetkazish maqsadida tashkil etilgan tadbirda Jamiyat Boshqaruvi mutasaddi rahbarlari, professor-olimlar, soha mutaxassislari, videokonferensiya orqali hududiy filiallar va uning joylardagi sug‘urta markazlari mas’ullari ishtirok etdi.

Ta’kidlash kerakki, “O‘zagrosug‘urta” AJ tomonidan bugungi kunda lizingga olinayotgan mulklarni sug‘urta qilish, lizingga olinayotgan qishloq xo‘jaligi texnikalarini sug‘urta qilish bo‘yicha onlayn xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan. Prezident qarorida belgilangan topshiriqdan kelib chiqib, bugungi kunda ushbu turdagi xizmatlar sifatini oshirish, takomillashtirish bo‘yicha qator ishlar olib borilmoqda. Tadbirda Jamiyat mutasaddi rahbarlari ushbu yo‘nalishda bajarilayotgan ishlar xususida ma’lumot berishdi. 

Tadbirda sohaning yetuk vakillaridan biri iqtisod fanlari doktori, professor Xo‘jayor Shennayev ma’ruza qildi. 
 

– Dunyo tajribasidan ma’lumki, iqlim o‘zgarishi natijasida yuzaga keladigan turli tabiiy ofatlar, texnogen tusdagi halokatlar tufayli yuridik va jismoniy shaxslar, shu jumladan, qishloq xo‘jalik mahsuloti yetishtiruvchilari ko‘radigan zararlar sug‘urta tizimi orqali qoplanadi. Mamlakatimizda ham fermer va dehqon xo‘jaliklarining yetishtirayotgan hosili, shuningdek, lizing asosida olingan qishloq xo‘jaligi texnikalarini sug‘urtalash, kutilmaganda yuzaga keladigan zararlarni qoplab berish borasida qator chora-tadbirlar ko‘rib borilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-387-son qarorida 2023-yildan boshlab va kelgusi yillarda qishloq xo‘jaligi ekinlari yetishtiruvchilariga hosilni xavf-xatardan sug‘urta qilish xarajatlarining 50 foizi davlat tomonidan qoplab berilishi belgilandi. Bu esa fermer va dehqon xo‘jaliklarini rag‘batlantirishga xizmat qilib, keyingi yil uchun dalasiga chiqib qadash shijoatini yanada oshiradi, – dedi X.Shennayev.

Tadbir davomida sohadagi ayrim muammo va kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha taklif va fikrlar bildirildi. Xususan, sug‘urta va kutilmagan zararlarni moliyalashtirish bo‘yicha xalqaro tashkilotlar loyihalarini jalb qilish, sug‘urtalash va uning afzalliklari haqida dehqon va fermerlarga keng tushuntirishlar berish, ular bilan tizimli ravishda yetishtiralidigan hosil va chorva mollarini sug‘urtalash bo‘yicha seminar-treninglar o‘tkazish, sug‘urta polisini sotishda raqamli xizmatlar sifati va sonini yanada kengaytirish takliflar ilgari surildi.

Tadbirda ishtirokchilarning savollariga mutaxassislar tomonidan javob qaytarildi. 

“O‘zagrosug‘urta” AJ 
Axborot xizmati