uz

Xalqaro Hamkorlikning Muhim Jihatlari Muhokama Qilindi

image

Xalqaro hamkorlikning muhim jihatlari muhokama qilindi

“O‘zagrosug‘urta” aksiyadorlik jamiyatida Europa Re va Swiss Re qayta sug‘urta kompaniyalari vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Swiss Re sug‘urta kompaniyasi vakili Ester Baur Reyneke, Europa Re qayta sug‘urta kompaniyasi loyiha rahbari Nadica Jovanovska Boskovska hamda “O‘zagrosug‘urta” AJ Boshqaruvi raisi o‘rinbosari,  Transformatsiya, innovatsiya va sug‘urta departamenti hamda Moliya departamenti direktori, Qayta sug‘urtalash va xalqaro munosabatlar departamenti menejeri ishtirok etdi. 

Uchrashuvda tomonlar InsuResilience Solutions Fund (ISF) xalqaro jamg‘armasi tomonidan mamlakatimizda bog‘dorchilik va sabzavotchilik mahsulotlarini yetishtirishda iqlim bilan bog‘liq xavf-xatarlardan himoya qilish bo‘yicha joriy etilayotgan sug‘urta mahsulotlari, ularni moliyalashtirish masalalari, shuningdek, ushbu jarayonda qayta sug‘urta kompaniyalarida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar xususida fikr almashdilar. 

Ta’kidlanganidek, bog‘dorchilik va sabzavotchilikni sug‘urtalash hozirda dunyo hamjamiyatida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashning muhim yo‘nalishlaridan hisoblanadi. Sug‘urta kompaniyalarining o‘zaro yaqin hamkorligi ushbu sohani rivojlantirishni yangi bosqichga olib chiqadi. 

Uchrashuv davomida tomonlar bog‘dorchilik va sabzavotchilikni sug‘urtalash dasturi doirasida dastlab Farg‘ona, Namangan va Andijon viloyatlarida sinovdan o‘tkaziladigan sug‘urta mahsulotlarini joriy etishda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan vazifalar, kelgusida sug‘urta mahsulotlarining qo‘shimcha turlarini kengaytirishning muhim jihatlari haqida fikrlashib oldilar. 

Eslatib o‘tamiz, InsuResilience Solutions Fund (ISF) xalqaro jamg‘armasi O‘zbekistonda bog‘dorchilik va sabzavotchilikni sug‘urtalash dasturini moliyalashtiradi. Ushbu jarayonda dunyodagi yetakchi Europa Re va Swiss Re qayta sug‘urta kompaniyalari ikkita mahalliy sug‘urta kompaniyalaridan biri hisoblangan “O‘zagrosug‘urta” AJ bilan hamkorlik qiladi.


“O‘zagrosug‘urta” AJ
Axborot xizmati