uz

BoʻLajak Jurnalistlar “O‘Zagrosug‘Urta” Faoliyati Bilan Tanishdi

image

Boʻlajak jurnalistlar “O‘zagrosug‘urta” faoliyati bilan tanishdi

“O‘zagrosug‘urta” AJ tomonidan O‘zbekiston jahon tillari universitetining xalqaro jurnalistika fakulteti talabalari uchun press-tur tashkil etildi.

Press-turda dastlab yosh jurnalistlar “O‘zagrosug‘urta” aksidorlik jamiyatining tashkil etilishi tarixi, bugungi kundagi faoliyati bilan tanishtirildi. 

Qayd etilganidek, Jamiyat O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1997-yil 25-fevraldagi “O‘zagrosug‘urta” davlat aksiyadorlik sug‘urta kompaniyasini tashkil qilish to‘g‘risida” 1713-son Farmoniga asosan tashkil etilgan bo‘lib, kompaniya ustav jamgʻarmasi 109 mlrd soʻmni, ustav jamgʻarmasidagi davlat ulushi 95 foizni tashkil etadi. 

Tadbir davomida sug‘urta haqida umumiy tushuncha, sug‘urtaning ahamiyati, majburiy va ixtiyoriy sug‘urtalar, shuningdek, umumiy va hayot sug‘urtalarining farqlari, kompaniyaning qayta sug‘urtalash faoliyati, xalqaro reyting ko‘rsatikachlari va uning ahamiyati haqida batafsil axborot berildi. 

Shu bilan birga bugungi kunda Jamiyat tomonidan ko‘rsatilayotgan sug‘urta xizmatlari va turlari haqida tushunchalar berildi. 

Jamiyat tomonidan bugungi kunda respublikamiz bo‘ylab 14 ta filial va shahar va tumanlardagi 187 ta sug‘urta markazlari orqali aholiga 150 dan ortiq sug‘urta xizmatlari taklif etilmoqda. Joriy yilda kompaniya rasmiy sayti orqali barcha turdagi majburiy sug‘urta turlarini onlayn rasmiylashtirish tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Hozirgi kunga kelib, mijozlar uchun kompaniyaning 26 turdagi polislarini elektron shaklda (e-polis) sotish imkoniyati yaratilgan. 

Tadbir davomida yosh jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javoblar berildi hamda Jamiyat filiali misolida sug‘urta da’volari, umumiy sugʻurta, moliya va yuridik boʻlimlar faoliyati bilan tanishtirilib, biror hodisa yuz berganda dastlab ko‘riladigan chora-tadbirlar, mijozlarning tovon masalasida murojaatini qabul qilish va o‘rganish tartiblari xususida tushunchalar berildi.
 

“O‘zagrosug‘urta” AJ
Axborot xizmati