uz

Aksilkorrupsiya Oyligi: “O‘Zagrosug‘Urta” Aj Faoliyati Yuqori Baholandi

image

Aksilkorrupsiya oyligi: “O‘zagrosug‘urta” AJ faoliyati yuqori baholandi

“O‘zagrosug‘urta” AJ Boshqaruvida 9-dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan o‘tkazilayotgan “Aksilkorrupsiya oyligi” doirasida “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri tashkil etildi.


Tadbir Jamiyat faoliyatining ochiqligi, uning jamoatchilik oldida hisobdorligini ta’minlash hamda OAV vakillari, jurnalist va blogerlarni qiziqtirgan savollariga javob berish maqsadida tashkil qilindi.


Tadbirda Jamiyat Boshqaruvi rahbariyati, tegishli departamentlar direktorlari, hududiy filiallar mas'ul xodimlari ishtirok etdi. 


Dastlab sug‘urta kompaniyasining tashkil etilishi tarixi, ko‘rsatilayotgan sug‘urta xizmati turlari, respublikamiz bo‘ylab qamrab olinishi va sug‘urta markazlarining xizmat sifatini oshirish borasidagi chora-tadbirlar, shuningdek, xorijiy davlatlardagi vakolatxonalari xususida ma’lumot berildi. 


Qayd etilganidek, “O‘zagrosug’urta” AJ butun O‘zbekiston bo‘ylab eng keng tarqalgan filial va agentlik tarmog‘iga ega kompaniya hisoblanadi. Uning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida 14 ta filial, tuman va shaharlarda 187 ta sug‘urta markazlari bo‘lib, 150 dan ortiq turdagi sug‘urta xizmatlarini taklif etib kelmoqda. Shu bilan birga, Respublika hududida 1000ga yaqin sugʻurta agentlari mavjud. Bundan tashqari Rossiya Federatsiyasida ham Kompaniyaning vakolatxonasi faoliyat yuritadi. 


Tadbir davomida korrupsiyaviy omillarni o‘rganish va oldini olish borasida olib borilayotgan ishlar xususida to‘xtalib o‘tildi. Ta’kidlanganidek, sodir etilishi mumkin bo‘lgan korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar va jinoyatlarni tahlil qilish hamda natijasi bo‘yicha tizimli muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. 


Jamiyat Boshqaruvining buyrug‘i bilan mehnat shartnomasining namunaviy shakli tasdiqlandi. Unga ko‘ra, Jamiyatga yangi ishga qabul qilingan xodimlar bilan tuzilayotgan mehnat shartnomalarida korrupsiyaga qarshi kurash yo‘nalishi bo‘yicha alohida bandlar kiritildi. Yangi ishga qabul qilingan xodimlar tomonidan manfaatlar to‘qnashuvi deklaratsiyasi to‘ldirildi. Taqdim qilingan manfaatlar to‘qnashuvi deklaratsiyalarini o‘rganish natijasida shu kunga qadar real yoki potensial manfaatlar to‘qnashuvi holatlari aniqlanmadi.


Shuningdek, Jamiyat tomonidan faoliyatning ochiq va shaffoligini ta’minlash borasida ham muayyan ishlar olib borilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta’minlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2021-yil 16-iyundagi PF-6247-son Farmonida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, Jamiyat faoliyatidagi xaridlar, xarajatlar va boshqa shu kabi ma’lumotlar O‘zbekiston Respublikasining Ochiq ma’lumotlar portali hamda rasmiy veb-saytga joylashtirib borilmoqda. 


Jamiyatning rasmiy veb-saytida “Ochiq ma’lumotlar” rukni joriy etilgan bo‘lib, uning faoliyatiga oid 18 ta parametr bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etilgan. “Investor va aksiyadorlarga”, “Davlat xaridlari, “Xizmat safarlari”, “Xarid komissiyasi”, “Xarajatlar smetasi”. “Murojaatlar” kabi bo‘limlariga yo‘nalishiga qarab choraklik, yarim yillik va yillik shaklida ma’lumotlar muntazam ravishda kiritib borilmoqda.


Bundan tashqari, “O‘zagrosug‘urta” AJ tomonidan mijozlarga polislarning sotilishi masalasida ham ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashga alohida ahamiyat qaratib kelinmoqda. Prezidentimizning 2021-yil 23-oktabrdagi “Sug‘urta bozorini raqamlashtirish va hayot sug‘urtasi sohasini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida 2023-yil 1-yanvardan boshlab majburiy Kompaniya rasmiy sayti orqali majburiy sug‘urtaning barcha turlarini onlayn rasmiylashtirish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Joriy yil boshida 18 turdagi onlayn sug‘urta xizmatlari taqdim etilgan bo‘lsa, hozirda mijozlar uchun 26 turdagi polislarni elektron shaklda (e-polis) sotib olish imkoniyati yaratildi.

“O‘zagrosug‘urta” AJ tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, faoliyatida kuzatilayotgan yangiliklar, tadbirlar, seminarlar, uchrashuvlar, press-tur va matbuot anjumanlari tafsilotlari Jamiyatning rasmiy veb-sayti, telegram va boshqa ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida muntazam ravishda yoritib borilmoqda. 


Tadbir yakunida ommaviy axborot vositalari vakillari savollariga javob berildi.

 

“O‘zagrosug‘urta” AJ
Axborot xizmati