uz

OʻZbekiston SugʻUrta Bozori Qanday Rivojlanmoqda?

image

Oʻzbekiston sugʻurta bozori qanday rivojlanmoqda?

Sugʻurta iqtisodiyot barqarorligi hamda aholi ijtimoiy himoyasining muhim shartidir. Iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish va barqarorligini taʼminlashda uning ahamiyati yuqori. Oʻzbekistonda ham sugʻurta sohasiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bugungi kunga kelib, bu borada koʻrsatilayotgan xizmatlar koʻlami sezilarli darajada rivojlandi. Sohada oʻzgarishlar, oldinga siljishlar kuzatilyapti. Qabul qilingan hujjatlarda belgilangan vazifalar ijrosi soha ravnaqiga xizmat qilmoqda.

Mamlakatimizdagi yirik sugʻurta tashkilotlaridan biri – “Oʻzagrosugʻurta” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Shuhrat RASULOV bilan ushbu yoʻnalishda amalga oshirilayotgan ishlar, tizimdagi yangilik va oʻzgarishlar xususida suhbatlashdik. Oʻzimizni qiziqtirgan savollarga javob oldik.

– Shuhrat Gʻayratovich, avvalo, sugʻurta xizmatlarining jamiyat taraqqiyotidagi ahamiyati, mamlakatimizda sugʻurta xizmatlari nechogʻliq rivojlanayotgani va buning omillari haqida fikringizni bilmoqchi edik.

– Oʻzbekistonda biz hozir foydalanayotgan sugʻurta koʻrinishi boshqa moliya xizmatlariga nisbatan yangi soha. Sugʻurtaning jamiyatdagi oʻrni u taʼsir qiladigan sohalar bilan belgilanadi. Mazkur xizmat rivojlanish tarixi davomida kutilmagan moliyaviy yoʻqotishlardan himoya vositasi sifatida shakllandi, oʻzgardi va hozirda sugʻurta inson hayoti va faoliyatining barcha jabhalariga jadal kirib bormoqda.

Sugʻurta shartnomasi yoki sugʻurta kompaniyasi biror-bir xavf-xatar yoki tavakkalchilikning oldini olmaydi, balki muayyan xavflar yuzaga kelgan taqdirda kutiladigan zarar bilan bogʻliq xarajatlarni kamaytirishga yordam beradi. Bu shaxsning hayoti, sogʻligʻi va mol-mulkiga yoki yirik korxonalarga yetkazilgan zarar ham boʻlishi mumkin.

Sugʻurtaning muhim funksiyalaridan yana biri bu mablagʻlarni qayta taqsimlashdir. Yaʼni sugʻurta xizmati koʻrsatish orqali mablagʻlar jamlanadi va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlariga investitsiya orqali qayta taqsimlanadi.

Umumiy qilib aytganda, sugʻurta davlat iqtisodiyotida muhim oʻrin tutadi. Bu ham aholini, ham biznesni moliyaviy yoʻqotishlardan himoya qilishga moʻljallangan moliyaviy institutlardan biridir. Binobarin, sugʻurta orqali fuqarolar moliyaviy va ijtimoiy himoya qilinadi. Moliyaviy barqarorlik saqlanadi – sugʻurta toʻlovlarini oʻz vaqtida amalga oshirish biznesni ehtimoliy zarar yoki bankrotlikdan olib chiqishga yordam beradi. Sugʻurta tashkilotlarining boʻsh mablagʻlari evaziga korxonalarga sarmoya kiritiladi – tadbirkorlik faoliyati ragʻbatlantiriladi. Fuqarolarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash va biznesga koʻmaklashish byudjet mablagʻlaridan emas, balki shakllantirilgan sugʻurta zaxiralari hisobidan amalga oshirilishi mumkin. Bu esa davlat (byudjet) xarajatlarining bir qismini kamaytirishga yordam beradi.

Bugungi kunda mamlakatimizda sugʻurta xizmatlarining yalpi ichki mahsulot (YAIM)dagi ulushi rivojlangan davlatlardagi koʻrsatkichga nisbatan kamroq. Buyuk Britaniya, Fransiya, Niderlandiya kabi davlatlarda bu koʻrsatkich ancha yuqori, hatto 10 foizdan ham oshadi. Masalan, AQSHda 3000 ga yaqin sugʻurta turlari boʻyicha xizmat koʻrsatiladi. Oʻzbekistonda esa ushbu koʻrsatkich oʻrtacha 150 tani tashkil etadi. Qisqasi, hali Oʻzbekistonda sugʻurta xizmatlari bilan qamrab olinmagan juda keng maydon mavjud.

Oʻzbekiston sugʻurta bozori aniq mexanizmlarga asoslangan izchil siyosat natijasida qadam-baqadam rivojlanmoqda. Soʻnggi besh yil statistikasiga eʼtibor beradigan boʻlsak, sugʻurta mukofotlari hajmi deyarli 6 barobar oʻsgan, bu koʻrsatkich boshqa moliyaviy sohalar rivojlanish koʻrsatkichidan ancha yuqori.

Biroq soha oldida oʻz yechimini kutayotgan bir qancha masalalar ham bor. Boshqa sugʻurta kompaniyalari bilan hamjihatlikdagi harakat orqali sugʻurta bozorining rivojlanishiga erishish mumkin. Yaʼni bu yerda sugʻurta xizmatlari qamrovi va sifatini, kadrlar malakasini oshirish, xizmatlarni raqamlashtirish ustida ishlash kerak. Ikkinchi tomondan, mijozlarning kelajakda sugʻurta xizmatlaridan malakali foydalanishi va toʻgʻri tanlovni amalga oshirishi uchun aholi oʻrtasida sugʻurta madaniyatini yanada keng targʻib qilishni faollashtirish lozim.

Shu oʻrinda aytish joizki, jamiyatimiz tomonidan xodimlarning malakasini oshirish masalasiga doimiy eʼtibor qaratib kelinmoqda. Oliy taʼlim muassasalari bilan imzolangan memorandumlar asosida tizimimizda faoliyat yuritayotgan mutaxassislar qisqa muddatli oʻquv kurslarida oʻqitilyapti. Xususan, Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida 14 nafar, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi oʻquv kurslarida ikki bosqichda jami 31 nafar xodim oʻz sohasi boʻyicha malaka oshirish kurslarida qatnashdi.

2023-yilda jahon sugʻurta bozoridagi yangiliklardan xabardor boʻlish, koʻp yillik tajribaga ega kompaniyalar ish tajribasini oʻrgatish maqsadida 30 nafardan ortiq xodimimiz cugʻurta mahsulotlarini sotishni boshqarish yoʻnalishida Chexiyaning ­Praga shahrida, yana bir necha xodim esa qishloq xoʻjaligini sugʻurtalash yoʻnalishida Ozarbayjonning Boku shahrida malaka va kasbiy tajribasini oshirib qaytdi.

– Koʻpchilik “Oʻzagrosugʻurta” AJning nomidan qishloq xoʻjaligiga xizmat koʻrsatishga ixtisoslashganini anglaydi. Dehqon va fermerlarning, umuman, agrar soha faoliyatini sugʻurtalash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham toʻxtalib oʻtsangiz.

– Qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi majburiy sugʻurta turi emas. Yurtimizdagi umumiy sugʻurta sohasida litsenziyaga ega har qanday sugʻurta tashkiloti ushbu sugʻurta turini amalga oshirishi mumkin. Ayni paytda kompaniyamizda qishloq xoʻjaligi bilan bogʻliq 30 ga yaqin sugʻurta xizmatlari mavjud va ushbu yoʻnalishda oʻziga xos tajriba bor. Oʻtgan yillar mobaynida kompaniya tomonidan bir necha yuz milliard soʻmlik sugʻurta qoplamalari toʻlab berildi. Hududlarda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchilar bilan turli uchrashuv va tadbirlar oʻtkazilayotgani, doimiy ravishda kompaniya faoliyati shaffof tarzda ochiqlab borilayotgani ish samaradorligini oshirmoqda.

Agrar sohani sugʻurtalashga oid xalqaro loyihalarning hayotga tatbiq etilishida ham kompaniyamiz oʻz tashabbuslari bilan faol ishtirok etmoqda. Xususan, InsuResilience Solutions Fund (ISF) xalqaro jamgʻarmasi Oʻzbekistonda bogʻdorchilik va sabzavot mahsulotlari yetishtirishda iqlim bilan bogʻliq xavf-xatarlardan himoya qilish boʻyicha sugʻurta mahsulotlarini yaratish va joriy etishni moliyalashtirishi rejalashtirilgan. BMT Taraqqiyot dasturining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi yordamida Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Qishloq xoʻjaligi vazirligi ushbu loyihaning amalga oshirilishida yaqindan hamkorlik qiladi. Bogʻlarni iqlim oʻzgarishi bilan bogʻliq xavf-xatar va tabiiy ofat oqibatlaridan himoya qilish maqsadida Sugʻurtani rivojlantirish forumining (IDF) ikki aʼzosi hisoblangan dunyodagi yetakchi Europa Re va Swiss Re qayta sugʻurta kompaniyalari mamlakatimizdagi ikkita mahalliy sugʻurta kompaniyalaridan biri – “Oʻzagrosugʻurta” AJ bilan fermer xoʻjaliklari uchun qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi mahsulotini ishlab chiqish harakatida. Ushbu loyiha dastlabki bosqichda Fargʻona vodiysi viloyatlari hamda Samarqand viloyati hududlarida tatbiq etilishi rejalashtirilmoqda.

Muhimi, soʻnggi vaqtlarda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning huquqiy asoslari mustahkamlanyapti. Bunga misol sifatida Prezidentimizning 2022-yil 6-oktyabrdagi “Qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishni moliyaviy qoʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra, davlat byudjetidan agrar soha vakillari, yaʼni qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarga hosilni sugʻurta qilish xarajatlarining 50 foizi subsidiya tarzida qoplab berilishi belgilanganini keltirish kifoya.

– Mamlakatimizda tashkilot va idoralar faoliyatini raqamlashtirish masalasiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu borada amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham gapirib oʻtsangiz. Zero, bu davr talab etayotgan jarayon.

– Toʻgʻri taʼkidladingiz, raqamlashtirish – davr talabi. Bugun zamonaviy texnologiyalarsiz, faoliyatni raqamlashtirishsiz rivojlanishni tasavvur qilib boʻlmaydi. Oʻtgan yil dekabr oyida Prezidentimiz raisligida IT infratuzilmasini yaxshilash, soha va tarmoqlarni raqamlashtirish boʻyicha ustuvor vazifalar yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida ham shiddat bilan oʻzgarib borayotgan bugungi sharoitda hech bir sohani raqamli texnologiyalarsiz tasavvur qilib boʻlmasligini, byudjetdan katta mablagʻ oluvchi idoralarda raqamlashtirish hayot-mamot masalasi boʻlishi zarurligi taʼkidlandi.

Darhaqiqat, mamlakatimizda ushbu yoʻnalishni rivojlantirish borasida qator dasturlar qabul qilinib, ularning ijrosini taʼminlash boʻyicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda. Bu jarayon “Oʻzagrosugʻurta” AJni ham chetlab oʻtmayapti, albatta.

Bugun kompaniyamizda mijozlar bazasini shakllantirish, moliyaviy hisobotlarni yuritish va hujjatlar aylanishi jarayoni toʻliq raqamlashtirilgan. Yaqinda eng soʻnggi dasturiy taʼminot asosida yangilangan “Uzagros online” elektron tizimi ishga tushirildi. Natijada kompaniyaning bir nechta dasturiy taʼminoti bir joyga jamlandi. Mijozlar bazasini tahlil qilish, maʼlumotlarni uzatish, onlayn sugʻurta shartnomalari tuzish imkoniyati kengaytirildi.

Mijozlarga qulaylik yaratish uchun, avvalo, sugʻurta xizmatlarini xarid qilish va sugʻurta daʼvolarini koʻrib chiqish jarayoni ham raqamlashtirilmoqda. Bu aholining kompaniyaga boʻlgan ishonchini mustahkamlashda eng asosiy omil hisoblanadi.

Albatta, tizimni raqamlashtirish xizmatlar tannarxining kamayishiga, ortiqcha qogʻozbozlikdan voz kechishga, daʼvolarni koʻrib chiqish jarayonini tezlashtirish hamda eng asosiysi, mijozlar ishonchi ortishiga olib kelmoqda. Yana bir eʼtiborli jihat, respublikamizda birinchilardan boʻlib onlayn sugʻurta xizmatlari sonini kengaytirgan ham “Oʻzagrosugʻurta” AJ hisoblanadi. 2023-yilda kompaniya rasmiy veb-sayti orqali onlayn shaklda xarid qilish mumkin boʻlgan sugʻurta xizmatlari 26 taga yetkazildi. 2024-yilda onlayn shakldagi sugʻurta xizmatlari sonini qariyb 90 taga yetkazish rejalashtirilgan.

Umuman, jismoniy va yuridik shaxslarga koʻrsatiladigan barcha ommaviy sugʻurta xizmatlarini elektron shaklga oʻtkazish maqsad qilingan. Maʼlumot oʻrnida aytish joizki, jamiyatimiz bugungi kunda respublika boʻylab 14 filiali hamda jami 187 sugʻurta markazi orqali aholiga 140 dan ortiq sugʻurta xizmatlari taklif etib kelmoqda. Binobarin, kompaniyamiz yurtimizda eng koʻp hududiy tarmoqlar va mijozlarga ega sugʻurta tashkilotlaridan sanaladi.

Bundan tashqari, kompaniya tomonidan koʻrsatilayotgan xizmatlar koʻlami haqida mijozlarni xabardor qilish maqsadida doimiy ravishda hududlarda tadbirlar oʻtkazilmoqda, taʼlim dargohlari bilan hamkorlikda loyihalar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, kompaniyaning belgilangan strategiyasi doirasida mijozlar va respondentlar oʻrtasida soʻrovnomalar oʻtkazildi, sugʻurta shartlari mijoz hamda zamon talabiga moslashtirildi. Hududiy boʻlinmalardagi sharoitlar yaxshilandi. Innovatsiya va marketing ishlari yangi darajaga olib chiqildi. Jamiyatning har bir mijoziga alohida eʼtibor berish uchun “B2B” va “B2P” tamoyili asosida ishlar tashkil qilindi.

Kompaniyamiz xizmat sifatini oshirish, mijozlar ishonchini qozonishga alohida eʼtibor qaratmoqda. Shunday saʼy-harakatlarmiz natijasi xalqaro reyting agentliklari tomonidan munosib baholab borilmoqda. 2019-yildan eʼtiboran, kompaniyamiz faoliyatiga dunyoning yetakchi reyting agentligi hisoblanadigan “Fitch Ratings Cis Ltd” xalqaro reyting agentligi tomonidan “BB-” barqaror reytingi berib kelinmoqda. Jumladan, 2023-yil iyul oyida mazkur xalqaro reyting yana bir bor qayta tasdiqlandi. Bu natija xalqaro investorlar va mahalliy aholining sugʻurta xizmatiga ishonchini yanada mustahkamlash uchun muhim indikator hisoblanib, jamiyatning xalqaro qayta sugʻurta bozoriga chiqish imkoniyatini jadallashtirmoqda.

Bundan tashqari, “United Registrar of Systems” xalqaro sertifikatlashtirish uyushmasi tomonidan “Oʻzagrosugʻurta” AJ boshqaruvi hamda Toshkent shahar filialiga sifat menejmenti tizimi sertifikati topshirildi. Bu bilan jamiyat faoliyati ISO 9001:2015 xalqaro standarti talablariga muvofiqligi tasdiqlandi. Ushbu hujjat xalqaro maydonda jamiyat hamda uning filiali tomonidan yuridik va jismoniy shaxslarga yuqori sifatli sugʻurta xizmati koʻrsatib kelinayotgani tan olinganini belgilaydi.

Pirovardida 2023-yil mobaynida taʼminlangan sugʻurta mukofotlari 391,4 milliard soʻmni tashkil etdi. Rasmiylashtirilgan sugʻurta shartnomalari boʻyicha olingan majburiyat hajmi esa 174,2 trillion soʻmga yetdi. Bu borada ham oʻtgan yilga nisbatan 146,3 foizga yuqorilash kuzatilmoqda. Shu davr mobaynida mijozlar bilan jami 675 ming 74 dona sugʻurta shartnomasi tuzilib, ularning qariyb 90,9 foizi yoki 613 ming 419 tasi odamlarning sogʻligʻi va mol-mulki uchun koʻrsatilgan sugʻurta xizmatlarini tashkil etadi. Olingan majburiyatlar doirasida mijozlarimiz manfaatini himoya qilish maqsadida 49,2 milliard soʻmlik sugʻurta tovonlari toʻlab berildi. Bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan oʻsish 113,6 foizni yoki qariyb 5,9 milliard soʻmni tashkil qiladi, demakdir.

– Sugʻurta xizmatlari ommalashishi uchun, yaʼni odamlar sugʻurta tashkilotlarini yaqin koʻmakchi sifatida koʻrishi uchun nimalar qilish kerak, deb oʻylaysiz?

– Jamiyat tomonidan sugʻurta xizmatlarini ommalashtirish maqsadida talab va ehtiyojdan kelib chiqib, sugʻurta turlari ishlab chiqilmoqda, respublika va mahalliy tele-radio kanallarda, gazeta-jurnallarda, internet ijtimoiy tarmoqlarida kompaniya xizmatlariga oid roliklar taqdim etib kelinmoqda.

Bundan tashqari, mijozlarning kompaniya xizmatlaridan foydalanishini ragʻbatlantirish, jumladan, onlayn sugʻurtani rivojlantirish maqsadida soʻnggi ikki yildan buyon ommaviy yutuqli aksiyalar tashkil etilib, qimmatbaho sovgʻalar oʻynalmoqda.

Biz mijozlarga sugʻurta kompaniyasini tanlashda adashmaslikni, buning uchun, avvalo, kompaniya tarixi bilan qiziqish, uning ochiq manbalardagi moliyaviy hisobotlari bilan tanishish, muqim xizmat joyiga ega ekanini bilish va eng asosiysi, sugʻurta shartlariga diqqat bilan eʼtibor berishini soʻrab qolamiz.

Yana shuni qoʻshimcha qilib oʻtmoqchimanki, siz qaysi sugʻurta kompaniyasi mijozi boʻlishingizdan qatʼi nazar, “Oʻzagrosugʻurta” AJ xodimlari sohaga oid mutlaqo bepul maslahatlar beradi.

 

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri 
Dilshod ULUGʻMURODOV 
suhbatlashdi.

(“Yangi Oʻzbekiston” gazetasining
2024-yil 11-yanvardagi 7-sonidan olindi.)