uz

Yth Xabarnomasini Rasmiylashtirishni Bilasizmi?

image

YTH xabarnomasini rasmiylashtirishni bilasizmi?

YTH xabarnomasi, ya'ni “Yevroprotokol” nima?

Yo‘l-transport hodisasi to‘g‘risidagi xabarnoma (xalq tilida “Yevroprotokol”) sodir bo‘lgan baxtsiz hodisa (yo‘l-transport hodisasi) bo‘yicha haydovchilarning o‘zaro kelishuvi asosida YPX xodimlarining ishtirokisiz rasmiylashtirish orqali sug‘urta tovonini olishga qaratilgan hujjatdir.

Ushbu hujjat qanday hollarda tuziladi?

Haydovchilar quyidagi hollarda Yo‘l-transport hodisasi to‘g‘risidagi xabarnomani tuzishlari mumkin:

– jabrlanuvchiga yengil tan jarohati yetkazilishiga yoki boshqa mol-mulk shikastlanishiga olib kelmagan bo‘lsa;

– haydovchilardan biri o‘z aybiga to‘liq iqror bo‘lsa;

– piyoda ishtirokisiz sodir etilgan bo‘lsa;

– ikkita transport vositasi to‘qnashuvi natijasida ro‘y bergan hamda faqat shu transport vositalariga shikast yetgan bo‘lsa;

– haydovchilarning fuqarolik javobgarligi YTH sodir etilguniga qadar sug‘urta qilingan bo‘lsa va boshqalar.

Sug‘urta tashkilotiga qanday ma’lumotlar taqdim etiladi?

Transport vositasi egasi javobgarligini majburiy sug‘urta qilgan shaxslar sug‘urtalovchi tashkilotlarga “Yevroprotokol” bilan birgalikda to‘qnashuv joyi va mashinalar holatining foto va videolari, sug‘urta hodisasini to‘g‘ridan-to‘g‘ri hal etish to‘g‘risidagi arizalar, mastlik holatini (4 soat ichida) aniqlash bo‘yicha tibbiy tekshiruv natijalari hamda mashinani boshqarish hujjatlari nusxalarini 3 ish kuni ichida yuboradi.

Sug‘urta tashkiloti YTH to‘g‘risidagi xabarnoma va unda tegishli materiallar taqdim etilgach, sug‘urta tovonini to‘lash (yoki rad etish) to‘g‘risida qaror qabul qiladi.

Haydovchilarning o‘zaro kelishuvi nima beradi?

Baxtsiz hodisalarni “Yevroprotokol” asosida hal qilish YPX xodimlarini jalb etish va ularning vaqtini olishga, avtotransportni jarima maydoniga joylashtirishga, ortiqcha qog‘ozbozlikka, haydovchilarning sudlashishiga, sarson-sargardon bo‘lishiga chek qo‘yib, yo‘llarda yuzaga keladigan tirbandliklarning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Ma'lumot o‘rnida

“O‘zagrosug‘urta” AJ 2022-yilda yo‘l-transport hodisasi to‘g‘risidagi xabarnoma yuborgan 95 nafar mijozga qariyb 670 mln so‘m sug‘urta tovoni to‘lab bergan. 2023-yil yakunlariga ko‘ra, “Yevroprotokol” rasmiylashtirib murojaat qilgan fuqarolar 130 nafarni tashkil etdi. Ularga kompaniya 901 mln 360 ming so‘m tovon puli to‘lab berdi.

Umuman olganda, transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish turi bo‘yicha o‘tgan yil davomida 705 ta sug‘urta hodisasi aniqlanib, 6 mlrd 106 mln 378 ming so‘m mablag‘ tovon to‘lab berildi.