uz

“O‘Zagrosug‘Urta” Loyihasi: Hududlardagi Yetakchi Olimlar Ma’Ruzalari Tinglanadi

image

“O‘zagrosug‘urta” loyihasi: hududlardagi yetakchi olimlar ma’ruzalari tinglanadi

“O‘zagrosug‘urta” aksiyadorlik jamiyatida “Sug‘urta ishi tashkil etilishi va huquqiy asoslari” mavzusida seminar bo‘ldi.

Unda Boshqaruvning tegishli departament va boshqarmalar rahbar va mutaxassislari hamda videokonferensaloqa orqali hududiy filiallar mas’ul xodimlari ishtirok etdi.

Tadbirda Navoiy davlat padegogika instituti professori, iqtisod fanlari doktori Nodira Murodova sug‘urta ishi tashkil etilishi va uning huquqiy asoslari mavzusida ma’ruza qildi. Unda sug‘urtaning kelib chiqish tarixi, taraqqiyot bosqchilari, bugungi kunda mamlakatimizda ushbu sohaning ahamiyati, tadbirkorlik va biznesni rivojlantirishdagi o‘rni haqida ma’lumot berdi. 

– Sug‘urta xizmatlari iqtisodiyotning barqarorligi hamda aholi ijtimoiy himoyasining muhim omillaridan biri bo‘lib, rivojlangan mamlakatlarda iqtisodiyotni diversifikasiya qilish va iqtisodiy o‘sishning asosiy omili sifatida amal qilmoqda, – dedi N.Murodova. – Mamlakatimizda mustaqillik yillarida sug‘urta sohasiga alohida e’tibor qaratilishi, uning huquqiy ta’minoti takomillashtirilishi natijasida sug‘urta xizmatlari birmuncha rivojlandi. Bugungi kunda sug‘urta sohasi iqtisodiyotning barqarorligiga erishish va uni investisiya bilan ta’minlash bosqichiga o‘tmoqda. Bu esa kelgusida uning rivojlangan davlatlar singari kundalik hayotning ajralmas bir bo‘lagiga aylanishiga, yalpi ichki mahsulotda sug‘urta xizmatlari qamrovi ortib borishiga olib keladi.

Shuningdek, tadbir davomida bugungi kunda sug‘urta xizmatlarining aholi orasiga kengroq kirib borishi, sohani yanada rivojlantirish yuzasidan o‘z takliflari bilan o‘rtoqlashdi.

Qayd etish joiz, “O‘zagrosug‘urta” AJ tomonidan kompaniya xodimlari uchun hududlarda faoliyat yuritayotgan moliya yo‘nalishidagi yetakchi ilmiy-tadqiqotchilar, tajribali iqtisodchi professor va olimlar ishtirokida yil davomida tasdiqlangan reja asosida muntazam ravishda o‘quv-seminarlar tashkil etib borilishi yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu esa Jamiyat xodimlarning kasbiy malakasini oshirish barobarida o‘z ustida ishlashini ta’minlaydi. Qolaversa, yetakchi olimlarning ilmiy takliflari asosida kompaniya faoliyati va sug‘urta xizmatlari takomillashtirib boriladi.

 

“O‘zagrosug‘urta” AJ
Axborot xizmati