uz

Sug‘Urta Polislarini Qog‘Oz Shaklida Rasmiylashtirish Amaliyoti Bekor Qilinadi

image

Sug‘urta polislarini qog‘oz shaklida rasmiylashtirish amaliyoti bekor qilinadi

“Sug‘urta xizmatlari bozorini yanada rivojlantirishning kompleks chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Qarori (PQ-108-son, 01.03.2024-y.) qabul qilindi. 

Qarorga ko‘ra,  2024-yil 1-sentabrdan: 

– sug‘urtaning barcha turlari bo‘yicha sug‘urta (qayta sug‘urta) shartnomalarini yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali ro‘yxatdan o‘tkazish va sug‘urta polislarini ushbu tizim orqali rasmiylashtirish majburiy hisoblanadi;

– barcha sug‘urta turlari bo‘yicha sug‘urta polislarini faqat qog‘oz shaklda rasmiylashtirish amaliyoti bekor qilinadi;

– sug‘urta polislarini yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali rasmiylashtirmaslik ularni haqiqiy emas deb topishga asos bo‘ladi hamda sug‘urtalovchi tomonidan litsenziya talablari va shartlarini bir marta qo‘pol ravishda buzish hisoblanadi;

– Istiqbolli loyihalar milliy agentligi sug‘urtalovchilar tomonidan ko‘rsatiladigan sug‘urta xizmatlari sifati bo‘yicha sug‘urtalovchilar reytingini yuritadi va ommaviy axborot vositalarida e'lon qiladi.

Quyidagilarga shartnomalarning o‘z vaqtida rasmiylashtirilishini ta'minlash majburiyati yuklatiladi:

– Soliq qo‘mitasi va Transport vazirligiga ish beruvchining va tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish shartnomalarini;

– Tog‘-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasiga xavfli ishlab chiqarish ob'ektida avariya yuz bergan taqdirda boshqa shaxslarning hayoti, sog‘lig‘i yoki mol-mulkiga hamda atrof-muhitga zarar yetkazganlik uchun fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish shartnomalarini;

– Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligiga ob'ektlarni davlat mablag‘lari va hukumat kafolati ostidagi kreditlar hisobiga barpo etishda qurilish tavakkalchiliklarini majburiy sug‘urta qilish shartnomalarini.