uz

“O‘Zagrosug‘Urta”Da Talabalar Amaliy Bilimlarga Ega Bo‘Lishdi

image

“O‘zagrosug‘urta”da talabalar amaliy bilimlarga ega bo‘lishdi

“O‘zagrosug‘urta” AJ Boshqaruvi hamda Toshkent axborot texnologiyalari universiteti hamkorligida oliy ta’lim muassasasining Iqtisodiyot va menejment fakulteti 4-bosqich talabalari uchun sug‘urtaning inson hayoti va faoliyatidagi ahamiyatiga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi. 

Unda Jamiyat Boshqaruvi rahbariyati, tegishli departamentlar mas’ul xodimlari, universitet professor-o‘qituvchilari hamda talabalar ishtirok etdi. 

Dastlab talabalar Jamiyat Boshqaruvi faoliyati, xususan, departament va bo‘limlarning yo‘nalishidan kelib chiqqan holda amalga oshiriladigan vazifalari bilan tanishtirildi. 

Shundan so‘ng, “O‘zagrosug‘urta” AJning tashkil etilishi tarixi, o‘tgan 27 yillik faoliyati davomidagi erishilgan natijalar, moliyaviy ko‘rsatkichlari, filiallar va joylardagi sug‘urta markazlarida aholiga taqdim etilayotgan sug‘urta mahsulotlari, majburiy va ixtiyoriy sug‘urta turlari orqali mukofotlar, javobgarlik va tovonlar kabi ma’lumotlar asosida taqdimot qilindi. 

– Talabalarimizga tahsil davomida “Sug‘urta ishi” fanidan dars o‘tiladi. Hamma mashg‘ulotlar nazariya bilan cheklanib qolayotgan edi. “O‘zagrosug‘urta” aksiyadorlik jamiyatida tashkil etilgan seminar ayni muddao bo‘ldi: talabalar sug‘urta polisini rasmiylashtirishdan tortib, sug‘urta da’volarini ko‘rib chiqish, sug‘urta mahsulotlarini ishlab chiqish, umuman, mamlakatimiz sug‘urta bozori, unda sug‘urtalovchi tashkilotlarning o‘rni haqida amaliy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ldi, – deydi TATU katta o‘qituvchisi, iqtisodiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Akbarjon Iminov. 

Tadbir davomida talabalarni qiziqtirgan savollarga Jamiyat mutaxassislari batafsil javob qaytarishdi.