uz

“Uzinsurance”: Sug‘Urta Bozori Yutuqlari Va Muammolar

image

“UZINSURANCE”: Sug‘urta bozori yutuqlari va muammolar

    “UZINSURANCE” kompaniyasi Axborot xizmati yangi loyihaga qo‘l urdi. Gap shundaki, mamlakatimiz sug‘urta bozoridagi yutuqlar shu bilan birga undagi muammolar xususida kompaniya mutaxassislari fikrlarini savol-javob tariqasida yoritib boradi. Loyihamizning dastlabki ishtirokchisi Sug‘urta departamenti direktori Mirolim Turg‘unboev.    

    Savol: Bugun rivojlangan mamlakatlar masalan, Frantsiyaning AXA (AKSA), Germaniyaning Allianz,  AQShning MetLife, Shveytsariyaning  Zurich Insurance Group, kabi xalqaro darajadagi sug‘urta kompaniyalarida biznes, umuman iqtisodiyot tarmoqlarini sug‘urta xizmatlari bilan qamrab olish yuqori darajada. Bizda esa sug‘urta deganda ko‘z oldimizga tabiiy va texnogen ofatlar, turli xil baxtsiz hodisalardan sug‘urtalanish gavdalanadi. Aslida ham shundaymi? Masalaga “UZINSURANCE” misolida oydinlik kiritsangiz.

    Javob: O‘zbekiston sug‘urta xizmatlari bozori yangi bosqichi 2008 yil O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Sug‘urta nazoratchilari xalqaro assotsiatsiyasiga a’zo bo‘lib, sug‘urtalovchilarga qo‘yilgan xalqaro standartlarga o‘tilishi bilan boshlandi desak xato bo‘lmaydi. Amaldagi majburiy sug‘urta turlarining qonun xujjatlari bilan mustahkamlaganligi ham bejizga emas. Ayni damda sug‘urta kompaniyalarimiz tomonidan taqdim etilayotgan barcha ommaviy sug‘urta turlari shartlari xalqaro sug‘urta kompaniyalari shartlarini o‘zida aks ettiradi. Milliy sug‘urta bozorimizda faoliyat yuritayotgan sug‘urta kompaniyalarimiz faqatgina tabiiy va texnogen ofatlar yoki baxtsiz hodisalarni sug‘urtalaydi, degan fikrni noto‘g‘ri degan bo‘lar edim. Chunki sug‘urta kompaniyalari butun dunyoda amalda mavjud bo‘lgan ommaviy sug‘urta turlari doirasida xizmat ko‘rsatishadi. Jumladan, “UZINSURANCE”  kompaniyasi hozirda 100 dan ortiq sug‘urta turlari bo‘yicha sug‘urta himoyasini taqdim etib kelmoqda. Mazkur sug‘urta turlariga mulkiy qaltisliklar bilan bir qatorda moliyaviy, javobgarlik, qishloq xo‘jaligi va salomatlik bilan bog‘liq qaltisliklardan sug‘urtalash turlari kiradi. Bu esa O‘zagrosug‘urta kompaniyasi universal sug‘urta kompaniyasi ekanligini anglatadi.

    Savol: Nima deb o‘ylaysiz, nima uchun mamlakatimiz sug‘urta bozorida oldinga siljish yo‘q? Vaholanki, bugun yurtimizda 40dan ortiq sug‘urta kompaniyalari faoliyat yuritmoqda.

    Javob: Sug‘urta faoliyatining rivoji talab va taklif darajasiga bevosita bog‘liq hisoblanadi. Sug‘urta bozorida faoliyat yuritayotgan sug‘urta kompaniyalari yuqorida ta’kidlaganimdek, 100 dan ortiq sug‘urta xizmatlarini ko‘rsatib kelmoqda. Bu ko‘rsatkich yildan yilga o‘smoqda. Biroq sug‘urta xizmatlariga bo‘lgan talab o‘zgarishsizligicha qolgan. Sug‘urta bozorining rivojiga to‘sqinlik qiluvchi asosiy omillardan biri sug‘urta madaniyatining pastligidir. Sug‘urta bozorining amaldagi holati va uning ommabopligi sug‘urtaning majburiy turlari zimmasiga to‘g‘ri keladi. Fuqarolarimizning hayotida u yoki bu xizmatlardan foydalanish jarayonida bilvosita sug‘urta xizmatlaridan foydalanish holatlarini inobatga olmasak, ixtiyoriy ravishda sug‘urta qildirish darajasi ancha past. Sug‘urta tashkilotlari tomonidan nosog‘lom raqobat (demping) muhitida faoliyat olib borishayotganligi sug‘urta mukofoti tushumlarining kamayishiga, natijada sug‘urta xizmatlarining YAIM dagi ulushining ortishiga to‘sqinlik qilayotganini hamda xizmat sifatining talab darajasida bo‘lmayotganini ko‘rish mumkin.

    Savol: Sir emas, aholi orasida sug‘urta xizmatlariga nisbatan qiziqish yo‘q, ayniqsa ixtiyoriy sug‘urta turlariga. Nima deb o‘ylaysiz, bunga sug‘urta mukofoti tariflarining qimmatligi sababmi yoki haqiqatdan ham aholi orasida sug‘urtaga ehtiyoj yo‘qmi?

    Javob: Hozirgi kunda respublikamiz miqyosida ko‘rsatilayotgan sug‘urta xizmatlarining narhi yuqori degan fikrga qo‘shilmayman, chunki taklif etilayotgan narxlar amaldagi normativ hujjatlar talablari doirasida hisob-kitob qilingan narxlardan ancha past. Yillar davomida sug‘urta tashkilotlariga bo‘lgan ishonchning ijobiy tomonga o‘zgarmayotganligining asosiy sabablari sifatida sug‘urta tashkilotlari xizmatlarining shaffof emasligi, ma’lumotlarning ozligi hamda sug‘urta shartnomalari shartlarining murakkabligi kabi omillarni keltirib o‘tish mumkin. Biroq, mutaxassis sifatida mening fikrimga ko‘ra, asosiy muammo bu aholining huquqiy savodxonligining lozim darajada emasligini aytgan bo‘lar edim. Albatta, bu jarayonda sug‘urta kompaniyalari ham targ‘ibotni kuchaytirishlari lozim. Ushbu muammolarga yechim topilmayotganligi ixtiyoriy sug‘urta turlarining ommalashishiga salbiy ta’sir qilmoqda.

    Xulosa o‘rnida aytish joizki, sug‘urtalash aksariyat mamlakatlar iqtisodiyotining sezilarli sohalaridan biriga, ammo bundan ham muhimi – aholi va biznesga yetgan yo‘qotishlar va zararlarni qoplashning moddiy manbaiga aylandi. Mamlakatimizda sug‘urta bozorining rivojlanishi va odamlarning sug‘urta xizmatlariga bo‘lgan ishonchining ortishi har jihatdan manfaatli bo‘lib, turli hil moliyaviy xatar va tavakkalchiliklarni  himoya qilishda chin ma’nodagi himoya vositasiga aylanadi.   

“O‘zagrosug‘urta” AJ

Axborot xizmati